Fuqarolar murojaati
O`zRFA,S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti

FIZIKA-TEXNIKA INSTITUTIDA YUQORI UNUMDORLIKKA EGA HISOBLASH KLASTERI YARATILDI

Новости
17.11.2026

    O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika institutining Yuqori energiyalar fizikasi laboratoriyasida fundamental ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida zamonaviy, yuqori tezlikda ishlovchi hisoblash klasteri yaratildi va modernizatsiya qilindi.

    Mazkur natijaga “Katta adron kollayderidagi yuqori energiyali og‘ir ionlar to‘qnashuvlari bo‘yicha katta hajmdagi ma’lumotlarning tahlili” mavzusidagi F3-20200929146-sonli fundamental loyiha (Loyiha rahbari - prof. X.K. Olimov) doirasida erishildi.

    2021–2026-yillarni qamrab olgan loyiha davomida yuqori energiyali p+p, p+Pb, Au+Au, Pb+Pb va Xe+Xe to‘qnashuvlarining fizik xususiyatlari, zarrachalarning hosil bo‘lish mexanizmlari hamda ekstremal sharoitlarda yuzaga keladigan o‘ta zich va yuqori haroratli materiyaning xossalari bo‘yicha yangi fundamental ilmiy natijalar olindi.

    Hisoblash klasterining texnik imkoniyatlari

Yaratilgan hisoblash klasteri 18 ta yuqori unumdorlikka ega hisoblash tuguni va bitta serverdan iborat bo‘lib, quyidagi texnik ko‘rsatkichlarga ega:

  • 372 ta protsessor yadrosi;

  • 907 GB umumiy tezkor xotira (RAM);

  • 107 TB ma’lumotlarni saqlash sig‘imi;

  • 18 ta hisoblash tuguni va 1 ta server.

image1.png

1-rasm. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti Yuqori energiyalar fizikasi laboratoriyasining (YEFL) hisoblash klasteri.

    Klaster faoliyatini samarali boshqarish maqsadida HPC Cluster Dashboard nomli lokal veb-platforma ishlab chiqildi. Ushbu tizim hisoblash tugunlarining holati, protsessorlar yuklamasi, tezkor xotiradan foydalanish darajasi hamda bajarilayotgan va navbatda turgan hisoblash vazifalarini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi.

imgonline-com-ua-2to1-XPOJu2vGAmxL.jpg

2-rasm. Slurm vazifalarni boshqarish tizimi va HPC Cluster Dashboard ma’lumotlariga ko‘ra, hisoblash klasterining 18 ta tugunidagi hisoblash resurslarining holati va taqsimoti. Barcha 18 ta tugun idle holatida, ya’ni bo‘sh va hisoblash vazifalarini bajarishga tayyor. Slurm tizimida sozlangan protsessor yadrolarining (CPU) umumiy soni 372 tani, ajratilgan tezkor xotiraning (RAM) umumiy hajmi esa 907 GB ni tashkil etadi.

    Shuningdek, Slurm vazifalarni boshqarish tizimi orqali parallel hisoblashlarni tashkil etish va hisoblash resurslaridan samarali foydalanish imkoniyati yaratilgan.

    Hisoblash klasterida Monte-Karlo usuliga asoslangan Glauber modeli yordamida yuqori energiyali yadro-yadro to‘qnashuvlarining geometrik xususiyatlari, jumladan, ishtirokchi nuklonlar soni va noelastik to‘qnashuvlar sonining zarba parametriga bog‘liqligi bo‘yicha hisoblashlar amalga oshirildi.

image4.png

image5.png

image6.png

image7.png

3-rasm. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti Yuqori energiyalar fizikasi laboratoriyasining (YEFL) hisoblash klasterida Glauberning Monte-Karlo modeli asosida amalga oshirilgan hisoblashlar namunasi: yadro-yadro to‘qnashuvlarida ishtirokchi nuklonlar soni, shuningdek, hodisalarning umumiy soni va noelastik to‘qnashuvlar sonining zarba parametriga (b) bog‘liqligi.

    Ilmiy natijalar va kadrlar tayyorlash

    Fundamental loyiha doirasida olingan ilmiy natijalar yuqori energiyalar fizikasi sohasidagi xalqaro ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalarda o‘z aksini topdi.

    Loyihani amalga oshirish davomida uch nafar ijrochi — K.A. Musayev, A.K. Olimov va M.Z. Shodmonov — fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Shuningdek, uchta magistrlik dissertatsiyasi ham muvaffaqiyatli himoya qilindi.

    Yaratilgan hisoblash infratuzilmasi katta hajmdagi eksperimental ma’lumotlarni qayta ishlash, murakkab matematik modellashtirish va parallel hisoblashlarni amalga oshirish uchun muhim texnik asos bo‘lib xizmat qiladi.

    Mazkur natijalar S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika institutining yuqori energiyalar fizikasi sohasidagi ilmiy-tadqiqot salohiyatini mustahkamlash hamda zamonaviy hisoblash texnologiyalarini ilmiy izlanishlarga keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Fundamental loyiha doirasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari Scopus va Web of Science xalqaro ma’lumotlar bazalarida indeksatsiyalangan, yuqori impakt-faktorga ega nufuzli ilmiy jurnallarda chop etildi. Xususan, 2021–2026-yillar davomida loyiha doirasidagi tadqiqotlarga oid 31 ta ilmiy maqola The European Physical Journal Plus, Universe, Modern Physics Letters A, International Journal of Modern Physics A, International Journal of Modern Physics E, Advances in High Energy Physics, Annals of Physics, Entropy, Physica Scripta va boshqa xalqaro jurnallarda nashr etildi. Mazkur maqolalarda Katta adron kollayderida yuqori energiyali proton-proton va og‘ir ionlar to‘qnashuvlarida zarrachalarning hosil bo‘lish mexanizmlari, ko‘ndalang impuls spektrlari, kollektiv oqim, kinetik muzlash parametrlari hamda Tsallis statistikasi asosidagi nazariy modellar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar yoritilgan. Ushbu nashrlar institut olimlarining xalqaro ilmiy hamkorlikdagi faolligi va yuqori energiyalar fizikasi sohasidagi tadqiqotlari natijadorligini namoyon etadi.




Back to the list


Biz bilan bog'laning

Telefon: +99871 235 93 61

Faks: +99871 235 42 91

E-mail: ftikans@uzsci.net

Manzil: O'zbekiston, 100084, Toshkent sh., Chingiz Aytmatov ko'chasi, 2B uy

Obuna bo'ling

E-mail manzilingizni kiriting va bizning saytimizdan yangi materiallar, yangiliklar va foydali maslahatlarni darhol elektron pochtangizga yuboring: