Fuqarolar murojaati
O`zRFA,S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti

50-Yoshli Yubiley Muborak Bo’lsin

Новости
27.09.2026
82312317-79bc-4335-94a3-823f8dab7d38.jpg

    Bugun fizik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti direktori Xusniddin Kosimovich Olimov tavallud topgan.

    X. Olimov 1998-yil Toshkent davlat universitetining fizika fakultetini tugatgan. 2002-yilda nomzodlik, 2018-yilda doktorlik dissertatsiyasini muvafaqqiyatli himoya qilgan, 2020 yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo’lgan.

    X. Olimovning asosiy mehnat faoliyati 1998 yildan boshlab O’zR FAning S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti bilan chambarchas bog’liq, u yerda bosqichma-bosqich stajor-tadqiqotchi, aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi va bosh ilmiy xodim, ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari bo’lgan, oxirgi yillarda institut direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Shuningdek, X. Olimov bir necha yillar davomida Bonn Universitetida (Bonn, Germaniya) ilmiy tadqiqotchi hamda COMSATS universitetida (Islomobod, Pokiston) professor lavozimlarida ilmiy-pedagogik faoliyat yuritgan. Turli yillarda Toshkent shahridagi Inxa Universiteti, Olmaliq shahridagi “MISIS” universiteti filiali, Yangi O’zbekiston Universiteti talabalariga fizika fanidan ma’ruzalar o’q’igan.

    Olimning asosiy ilmiy ishlari yuqori energiyali yadroviy to’qnashuvlarini tadqiq qilishga bag’ishlangan. X. Olimov jahondagi mashhur Katta adron kollayderidagi (Shveysariya) yuqori energiyali og’ir yadrolar to’qnashuvlari bo’yicha eksperimental ma’lumotlarni mamlakatimizda ilk bor fizikaviy tahlil qilishni boshlab, o’ta zich va o’ta issiq materiya (jumladan qvark-glyuon plazma) hamda yuqori energiyalarda turli elementar zarralar hosil bo’lish mexanizmlari to’g’risida muhim ilmiy natijalarni qo’lga kiritgan. 2023 yildan X. Olimov Birlashgan yadro tadqiqotlari institutidagi (Dubna sh., Rossiya) yirik NICA tezlatgich majmuasidagi halqaro BM@N (Nuclotrondagi Barion Materiyasi) kollaboratsiyaning O’zbekiston olimlari guruhining rahbari.

    X. Olimov “Frontiers in Physics” (Shveysariya), “Universe” (Shveysariya), “Advances in High Energy Physics” (AQSh) nufuzli xorijiy ilmiy jurnallari tahririyati a’zosi, Journal of Physics G (IOP, Buyuk Britaniya), European Physical Journal Plus va European Physical Journal A (Springer, Germaniya), Chinese Physics C (Xitoy) nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarining taqrizchisi. Journal of Physics G (Q1, Insitute of Physics Publ., Buyuk Britaniya) nufuzli jurnali tomonidan ikki karra “Eng yaxshi taqrizchi” (2023, 2024 yy.) va “2023 Yil Taqrizchisi” deb e’tirof etilgan.

    X. Olimov “Shuhrat” medali sohibi (2023 y.), Clarivate Analytics va Fan va texnologiyalar agentligining “Science Leader” mukofoti (2017 y.) laureati, Xalqaro Fanlar Akademiyasi (TWAS, Italiya) tomonidan fizika-matematika sohasida “Eng yaxshi ilmiy maqolalar” tanlovi g‘olibi (2016 y.). U O‘zR Vazirlar Mahkamasi (2017 y.) va Oliy ta’lim vazirligining (2016 y.) “Faxriy Yorlig‘i”, Xalq ta’limi vazirligining “Tashakkurnomasi” (2021 y.) bilan e’tirof etilgan. Ikki karra xalqaro COMSATS (Pokiston) ilmiy samaradorlik mukofotini (2012–2013 yy.) qo’lga kiritgan.

   Professor Xusniddin Kosimovichni 50-yoshli yubileylari bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi S.A. Azimov nomidagi Fizika-texnika instituti jamoasi nomidan chin qalbdan tabriklaymiz. Ularga uzoq umr, mustahkam sog‘liq, sermahsul ilmiy-pedagogik faoliyatlariga ulkan muvaffaqiyatlar hamda rahbarliklarida jonajon institutimizni yanada ko’proq ilmiy-amaliy yutuqlarni qo’lga kiritishini tilab qolamiz.



Back to the list


Biz bilan bog'laning

Telefon: +99871 235 93 61

Faks: +99871 235 42 91

E-mail: ftikans@uzsci.net

Manzil: O'zbekiston, 100084, Toshkent sh., Chingiz Aytmatov ko'chasi, 2B uy

Obuna bo'ling

E-mail manzilingizni kiriting va bizning saytimizdan yangi materiallar, yangiliklar va foydali maslahatlarni darhol elektron pochtangizga yuboring: